Welcome to Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi Powered By GSpeech

ShHTning yangi tuzilmasi jahon xaritasida

ShHTning navbatdagi 18-sammiti 2018 yil 9-10 iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan beshta taklif bildirildi. Jumladan, Samarqand shahrida xalqaro “Ipak yo‘li” turizm universitetini ochish to‘g‘risidagi taklif yakdillik bilan qabul qilindi. Mazkur universitet 2018 yil 1 oktyabrdan e’tiboran faoliyat ko‘rsatmoqda.

ShHTning 21-sammiti 2021 yil 16-17 sentyabr kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazildi. Tashkilot davlat rahbarlari kengashining majlisida Sh.Mirziyoyev o‘nta taklif bildirdi. Sammit yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonida 30 ta hujjat imzolandi hamda Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi to‘rtinchi marta 2021-2022 yillarida ShHT faoliyatiga raislik qilmoqda. Davlat rahbarlarining navbatdagi 22-sammiti joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladi.

Tashkilot dastlab mintaqaviy xavfsizlik muammolarini hal etishga xizmat qiladigan siyosiy mexanizm sifatida tashkil qilingan bo‘lib, hozir u integratsion iqtisodiy hamkorlikni oshirish hamda tashkilotga a’zo davlatlarni barqaror rivojlantirishga xizmat qiluvchi xalqaro tashkilotga aylandi. Hozir uning tarkibiga 8 ta a’zo davlat – Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Hindiston Respublikalari, Pokiston Islom Respublikasi; 3 ta kuzatuvchi davlat – Belarus Respublikasi, Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasi, Eron Islom Res­publikasi; 6 ta muloqot bo‘yicha sherik davlat – Turkiya, Ozarbayjon, Armaniston Respublikalari, Kambodja Qirolligi, Nepal Federal Demokratik Respublikasi, Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi kiradi.

ShHTda kuzatuvchi maqomi tashkilotga a’zo davlatlarning roziligi bilan ShHT organlarining yig‘ilishlarida qatnashish va kun tartibidagi masalalar va qarorlarni muhokama qilishda qatnashish huquqini beradi.

Muloqot bo‘yicha sherik davlatlar maqomi ShHTning Xartiyasi (Ustavi)da nazarda tutilgan hamkorlikning ayrim sohalarida o‘zaro aloqada bo‘lgan davlat yoki tashkilotlardir.

2021 yilgi ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning umumiy yer maydoni 34,25 million kvadrat kilometrni tashkil etib, Yer yuzining 23 foizi, Yevroosiyo materigining 62,7 foizi, Osiyo qit’asining esa qariyb 79 foizini tashkil etadi. Undagi aholi soni taxminan 3 milliard 455 million kishini tashkil etib, bu ko‘rsatkich Yer aholisining 42 foizini tashkil etadi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy tili sifatida rus va xitoy tillari qabul qilingan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Shanxay hamkorlik tashkiloti NATO alyansi kabi harbiy blok emas. Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan boshqa mintaqaviy birlashmalarga nisbatan ShHTning ustunligi shundaki, tashkilot doirasida asosan mintaqada iqtisodiy va xavfsizlik masalalarida hamkorlik amalga oshirilib, barcha organlardagi qarorlar konsensus tamoyiliga amal qilingan holda qabul qilinadi.

Safar Abduvohidov,

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti dotsenti.

Muhammad Safarov,

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bosh mutaxassisi.

zarnews.uz

 

Foydali havolalar

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish bosh boshqarmasi

Telefon: 0 (366) 334-45-07

Ish vaqti: 9:00-18:00

Tushlik: 13:00-14:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Facebook || Telegram


© 2013 - Samarqand viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi.
Sayt ma'lumotlaridan foydalanganda havola keltirish majburiy.

Created by O.Ergashev

Tinglash uchun tugmani bosing. Ekran suxandoni